20.02.2024. TEZKOR E'LON!

Hurmatli institutimiz talabalari, ularning ota-onalari hamda institut jamoasi!

 

Soʼnggi kunlarda ISFT institutini Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet koʼchasi, 2-uydan majburiy chiqarish boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Talabnomasi tarqalishi orqasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar va munozaralar bildirilib, ularning asosiy qismi ushbu holat boʼyicha aniq vaziyatni aks ettirmaydi hamda turli konsperilogik xususiyatga ega.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ISFT instituti Rahbariyati mazkur vaziyat boʼyicha barcha savollarga aniq asoslantirilgan javoblarni berishni lozim deb hisobladi.

Birinchidan, Majburiy ijro Talabnomasi ISFT instituti va Аgrar universiteti oʼrtasidagi mulkiy nizo masalasi boʼlib, bu mavzu ISFT institutining faqat bitta oʼquv binosiga taaluqli. (Xabaringiz bor ISFT instituti bir necha binolarda faoliyat yuritadi.)

Xususan, bu borada bir necha yil avval Toshkent davlat agrar universiteti hududidagi qarovsiz, tashlandiq binoni oʼsha paytda tuzilgan shartnomaga asosan ISFT instituti taʼmirlab zamonaviy koʼrinishga keltirib faoliyat koʼrsatib kelayotgandi. Bugungi kunga kelib, ushbu bino boʼyicha ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish masalasi Аgrar universiteti tomonidan koʼtarilgan boʼlib, sud tartibida koʼrib chiqilgan.

Sud qaroriga koʼra, ISFT instituti tomonidan qilingan xarajatlar Аgrar universiteti tomonidan toʼliq qoplab berilishi hamda ISFT instituti ushbu binodan chiqib ketishi belgilangan. Yuqoridagi Majburiy ijro talabnomasi sud instantsiyalari biri yakuni hisoblanadi.

Maʼlumot oʼrnida, ISFT instituti hali sud jarayoni boʼyicha boshqa instantsiyalarga daʼvo ariza kiritgan. Bundan tashqari, ISFT instituti foydasiga qarzdorliklarni undirish boʼyicha Majburiy ijro tomonidan Аgrar universitetining barcha hisob raqamlaridagi pul mablagʼlari muzlatilgan.

Ushbu fikrlar asosi sifatida, bugungi kunda Majburiy ijro talabnomasidan koʼrsatilgan 18 fevral sanasi oʼtgan boʼlsada, oʼquv jarayonlari belgilangan tartibda mazkur binoda davom etayotganini koʼrishingiz mumkin.

Ikkinchidan, ISFT instituti bir necha hududlardagi binolarda faoliyat yuritib, yuqoridagi sud instantsiyalari qanday tarzda yakunlanishidan tashqari, oʼz talabalarini oʼqitish imokoniyatiga ega.

Bu fikr institut litsenziyasida koʼrsatilgan manzillardagi binolarning sigʼimi orqali oʼz isbotini topadi.

Uchinchidan, ISFT instituti oliy taʼlim berish litsenziyasi talablariga muvofiq oʼz faoliyatini tashkil etgan boʼlib, yuqoridagi nizoli vaziyat qanday yechilishidan qatʼiy nazar oʼquv jarayonlarini toʼliq, uzilish va kechikishsiz tashkil eta oladi.

Shunday ekan, ISFT instituti litsenziyasi bekor boʼlishi toʼgʼrisida negativ fikrlar va konspirologiyalar hech qanday asosga ega emas.

Shu munsobat bilan, ISFT instituti Rahbariyati barchalaringizdan bugungi kundagi vaziyatda asossiz vahimaga berilishdan saqlanishingizni hamda belgilangan tartibda oʼquv jarayonini davom ettirishingizni soʼraydi.

 

Hurmat bilan,

ISFT instituti Rahbariyati.