Tadqiqot

MAXKAMOVA MUNISXON ABDUMANNOPOVNA

International school of finance technology and science instituti ingliz tili oqituvchisi

Mahkamova Munisxon hozirgi kunda O‘zbekiston jahon tillari universiteti mustaqil tadqiqotchisi bo‘lib, filologiya fanlari doktori, professor Majidova Ra’no Urishevna rahbarligida 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligida “Olamning lisoniy manzarasida odamning ahloqiy bahosi (ingliz o‘zbek maqollari asosida)” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda.

Mahkamova Munisxon ilmiy ishining obyektini ingliz va o‘zbek tillaridagi odam ahloqiy bahosini ifodalovchi maqollar tashkil etadi. Ma’lumki, hozirda kunda jahon tilshunosligida paremiologik birliklar, xususan, xalqning ma’naviy-axloqiy va ijtimoiy-madaniy dunyoqarashini aks ettiruvchi, shuningdek, ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan maqollarni tadqiq qilishga nisbatan aksiologik (baholash) yondashuv faollashgan. Zero, ma’naviy-axloqiy va ijtimoiy-madaniy qadriyatlar, jumladan, shaxsni axloqiy baholashning ifodaviy muammolari olamning lisoniy manzarasida doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Aksiologik yondashuv doirasida xalqning turmush tarzi, dunyoqarashi, xulq-atvori va madaniy andozalarini aks ettiruvchi paremiologik birliklar semantikasini o‘rganish nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda filologiya fanini rivojlantirish, tilning yoshlarning vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi o‘rnini oshirish, millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ingliz va o‘zbek tilshunosliklarida zamonaviy dunyoda insoniyatning hayotiy faoliyati, dunyoqarashi, xulq-atvori va madaniy andozalarini belgilaydigan yo‘nalishlarni aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi, bu, aslida, olamning maqolga xos lisoniy manzarasida shakllangan. Til va madaniyatning o‘zaro aloqadorlik xususiyati, avvalo, maqollarni o‘zida aks ettiruvchi tilning barqaror ifodalarida ko‘proq namoyon bo‘lishiga qaramay, ushbu muammo lingvistik adabiyotda nisbatan kam tadqiq qilingan. Mahkamova Munisxon olib borayotgan tadqiqotda olamning ingliz va o‘zbek maqollari misolidagi lisoniy manzarasida odamnining reprezentativ xususiyatlari, baholashning ijobiy/salbiy jihatlari, inliz va o‘zbek maqollari misolida olamning lisoniy manzarasidagi milliy-madaniy o‘ziga xoslik, odamning axloqiy bahosi tahlil qilinadi va tavsiflanadi.