
ISFT jamoasi “Munozara” respublika turniri saralash bosqichida oʻz mahoratlarini namoyish etdilar
ISFT Instituti talabalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2019-yil 3-maydagi PQ–4306-son qarori asosida tashkil etilgan “Munozara”
respublika turnirining Toshkent shahar hududiy saralash bosqichida
muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 25-apreldan 2-maygacha davom etgan loyiha
talaba-yoshlarning tanqidiy fikrlashi, tahliliy yondashuvi va fuqarolik faolligini
rivojlantirishga qaratildi.
1-may kuni Toshkent Tibbiyot Akademiyasida o‘tkazilgan
bahs-munozaralarda institutning “Siyosiy doktorlar” jamoasi yuqori natijalarni
qayd etdi. Jamoa 12 ta oliy ta’lim muassasasi orasida faxrli 2-o‘rinni
egalladi. Hududiy bosqichda 80 nafardan ortiq talabalar, mentorlar va
tashkilotchilar ishtirok etdi.
“Munozara” loyihasi talabalarning mantiqiy fikrlash,
tanqidiy tahlil qilish, o‘z fikrini asosli bayon etish, dalillar bilan himoya
qilish va madaniyatli bahs olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat
qiladi. Shuningdek, loyiha yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va
iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Mazkur tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkilotining SDG 4 —
“Sifatli ta’lim” hamda SDG 16 — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar”
maqsadlariga mos kelib, yoshlar orasida ochiq muloqot, tanqidiy tafakkur va
inklyuziv ishtirokni rivojlantiradi. ISFT instituti xalqaro akademik
standartlarga mos ravishda talabalar salohiyatini qo‘llab-quvvatlashni davom
ettiradi.
07
Do'stlar bilan ulashish: