
ISFT instituti talabalari Prezident va nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etildi
2026-yil 29-iyul kuni ISFT institutida iqtidorli, bilimli, ilmiy va ijodiy salohiyatga ega talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erishgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirish hamda Prezident va nomli davlat stipendiyalariga saralash jarayonlari o‘tkazildi.
Institut rektorining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Tanlov komissiyasi tomonidan “ISFT institutida iqtidorli talabalar tanlovini o‘tkazish TARTIBI” asosida 2026/2027 o‘quv yili uchun nomli davlat stipendiyalariga talabgor talabalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar belgilangan mezonlar asosida batafsil o‘rganib chiqildi.
Tanlov jarayonida talabgorlarning o‘quv faoliyatidagi natijalari, fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyati, ilmiy maqola va tezislari, konferensiya hamda tanlovlardagi ishtiroki, erishgan yutuqlari va boshqa tegishli ko‘rsatkichlari inobatga olindi. Taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligi Tanlov komissiyasi a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, talabga javob beradigan nomzodlar keyingi bosqich uchun saralab olindi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar bilan Tanlov komissiyasi tomonidan og‘zaki suhbat tashkil etildi. Suhbat davomida nomzodlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilim va dunyoqarashi, ilmiy faoliyati, erishgan natijalari, kelgusidagi maqsad va rejalari hamda o‘z fikrini asosli va erkin bayon eta olish ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tanlov yakunlari bo‘yicha hujjatlarni baholash va og‘zaki suhbat natijalari umumlashtirilib, har bir talabgorning yakuniy natijasi Tanlov komissiyasi tomonidan muhokama qilindi.
Komissiya xulosasiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan hamda og‘zaki suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar 2026/2027 o‘quv yili uchun quyidagi davlat stipendiyalariga tavsiya etildi:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi;
- Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi;
- Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasi.
Tanlov komissiyasining tegishli qaroriga asosan ushbu stipendiyalarga tavsiya etilgan nomzodlarning hujjatlarini belgilangan tartibda respublika bosqichiga taqdim etish tasdiqlandi.
Mazkur jarayon ISFT institutida iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakat miqyosidagi nufuzli davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritishlari uchun zarur imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan.
ISFT instituti jamoasi nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilgan talabalarimizga respublika bosqichida muvaffaqiyat tilaydi hamda ularning kelgusidagi ilmiy, ijodiy va kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilab qoladi.





30
Do'stlar bilan ulashish: