
ISFT institutida talabalarning ijara xonadonlaridagi yashash sharoitlari o‘rganildi
ISFT institutida talabalarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularning xavfsizligini ta’minlash hamda ta’lim olishlari uchun qulay muhit yaratish maqsadida ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Z.M. Norkuziyeva hamda tyutorlar tomonidan ijarada yashayotgan talabalarning turar joylariga tashriflar amalga oshirilib, ularning yashash sharoitlari bevosita o‘rganildi.
O‘rganish davomida ijara xonadonlarining sanitariya-gigiyena holati, isitish tizimlarining sozligi, elektr va gaz jihozlaridan xavfsiz foydalanish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha mavjud shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, talabalarning kundalik turmush tarzi, darslarga tayyorgarlik ko‘rishi uchun yaratilgan qulayliklar, yashash joylaridagi mavjud maishiy sharoitlar hamda ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan suhbatlar tashkil etildi. O‘rganish jarayonida talabalarga yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish, elektr hamda gaz uskunalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, xonadonlarda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish bo‘yicha zarur tushuntirishlar hamda tavsiyalar berildi.
Mazkur o‘rganish ishlarining asosiy maqsadi — talabalarning xavfsiz va munosib sharoitlarda istiqomat qilishini ta’minlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rishdan iborat.
ISFT instituti rahbariyati va tyutorlar tomonidan talabalarning ijara xonadonlaridagi yashash sharoitlarini muntazam monitoring qilish, ularning murojaatlarini o‘rganish hamda ijtimoiy-maishiy masalalarda amaliy ko‘mak ko‘rsatish ishlari davom ettiriladi.
06
Do'stlar bilan ulashish: